Omonatlarni kafolatlash agentligi EBRD delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi
2026-yil 1-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Omonatlarni kafolatlash agentligida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (EBRD) Kapital va moliya bozorlarini rivojlantirish (CFMD) jamoasi vakillari bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda omonatlarni kafolatlash tizimining amaldagi faoliyati, uning moliyalashtirish darajasi, Agentlik faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar hamda EBRD bilan istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
EBRD vakillari xalqaro tajriba asosida omonatlarni kafolatlash tizimlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maslahat va moliyaviy instrumentlar haqida ma’lumot taqdim etdilar. Jumladan, Bank nazorati bo‘yicha Bazel qo‘mitasining asosiy tamoyillari (BCP) hamda Omonatlarni sug‘urtalash tizimlari xalqaro assotsiatsiyasining asosiy tamoyillari (IADI CP) standartlariga muvofiqlikni baholash, kafolatlangan omonatlarni qoplash darajasi va moliyalashtirish yetarliligini tahlil qilish, riskka asoslangan badallarni joriy etish, kompensatsiya to‘lovlari jarayonlarini takomillashtirish, korporativ boshqaruv va normativ-huquqiy bazani rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, EBRD tomonidan boshqa mamlakatlarda depozitlarni kafolatlash tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan loyihalar tajribasi yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash, omonatchilar manfaatlarini himoya qilish hamda aholining bank tizimiga bo‘lgan ishonchini oshirish yo‘lida hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.