Jahon banki omonatlarni kafolatlash tizimini transformatsiya qilish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini taqdim etdi

Joriy yilning 24–27-mart kunlari Jahon banki ekspertlari ishtirokida Omonatlarni kafolatlash agentligi va Markaziy bank vakillari o‘rtasida omonatlarni kafolatlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan texnik yordam dasturi missiyasi doirasida navbatdagi ishchi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Mazkur uchrashuvlarning asosiy maqsadi — omonatlarni kafolatlash tizimini Depozitlarni sug‘urtalovchilar xalqaro assotsiatsiyasi (IADI) tamoyillari hamda O‘zbekiston Respublikasining “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga muvofiq rivojlantirish, mavjud mexanizmlarni tahlil qilish hamda Agentlik faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish uchun amaliy choralarni ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.

Kompensatsiya to‘lovlarini tashkil etish (payout)  – asosiy ustuvor yo‘nalish

Uchrashuvlar davomida kafolatlah hodisasi yuzaga kelganda omonatchilarga kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirilishi omonatlarni kafolatlash tizimining eng muhim elementi sifatida alohida ajratib ko‘rsatildi. Tomonlar omonatchilarga to‘lovlarni qisqa muddatda va shaffof tarzda amalga oshirish tizim ishonchliligining asosiy ko‘rsatkichi ekanligini ta’kidlashdi.

Shu munosabat bilan kompensatsiya jarayonini qayta ko‘rib chiqish zarurligi qayd etildi. Xususan, ushbu jarayonni uchta asosiy blokka ajratish taklif qilindi: ma’lumotlar bilan ishlash, ichki operatsion jarayonlar va to’lov mexanizmi.

Kelishuvlarga ko‘ra, Agentlik tomonidan kompensatsiya jarayonlari bo‘yicha batafsil reglament ishlab chiqiladi, barcha bosqichlar boshidan oxirigacha to‘liq xaritalashtiriladi (end-to-end) hamda IT tizimlar bilan integratsiya qilinadi. Bundan tashqari, real holatlarga yaqin sharoitda sinov (simulation) mashqlarini o‘tkazish orqali tizimning amaliy tayyorgarligi ta’minlanadi.

img20260326095528-3.jpg

Omonatlarni kafolatlash jamg‘armasi mablag‘larining maqsadli miqdori (Target Fund) – moliyaviy barqarorlik asosi

Uchrashuvlarda omonatlarni kafolatlash jamg‘armasining maqbul darajasini aniqlash masalasi muhim strategik yo‘nalish sifatida muhokama qilindi.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, jamg’armaning maqsadli miqdori 5 foiz etib belgilangan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkichga o‘rta mudatda erishish tahmin qilinmoqda. 

Jamg‘armaning maqsadli miqdorini aniqlash metodologiyasi riskga asoslangan yondashuv asosida, iqtisodiy sharoitlar hamda bank tizimidagi o‘zgarishlarni inobatga olgan holda muntazam qayta baholash mexanizmlari Jahon banki ekspertlari bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi.

img20260326095519-4.jpg

Riskka asoslangan badallar tizimi – Risk based premium system (RBPS)

Missiya doirasida riskka asoslangan kalendar badallar tizimini joriy etish masalasi chuqur tahlil qilindi. Ushbu tizim banklarning  risklilik  darajasiga qarab badallarni differensial tarzda belgilash imkonini beradi.

Kelishuvlarga ko‘ra, RBPS modeli 8–12 ta asosiy risk indikatorlari asosida shakllantiriladi. Ushbu indikatorlar kapital yetarliligi, aktivlar sifati, likvidlilik, rentabellik va boshqa muhim ko‘rsatkichlarni qamrab oladi.

Natijada banklar risk darajasiga qarab turli toifalarga ajratiladi va shunga mos ravishda badal stavkalari belgilanadi: past riskli banklar uchun past stavkalar, yuqori riskli banklar uchun esa yuqoriroq stavkalar qo‘llaniladi.

Bu yondashuv nafaqat tizim barqarorligini oshiradi, balki banklarni risklarni kamaytirishga rag‘batlantiruvchi mexanizm sifatida ham xizmat qiladi.

photo2026-04-0419-27-17.jpg

Ichki nazorat va risk boshqaruvi tizimi

Uchrashuvlar davomida Agentlikda zamonaviy ichki nazorat va risklarni  boshqarish tizimi shakllantirish masalasi ham muhim yo‘nalishlardan biri sifatida ko‘rib chiqildi.

Agentlik tomonidan hozirgacha 30 ta biznes jarayon va 18 ta strategik risk aniqlangan bo‘lib, ular asosida kompleks boshqaruv tizimi shakllantirilmoqda.

Xalqaro amaliyotga muvofiq “Three lines of defense”, ya’ni uch bosqichli himoya modeli joriy etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, u operatsion faoliyat, risk boshqaruvi va ichki audit funksiyalarini aniq ajratishni nazarda tutadi.

Kelgusida ushbu tizimni to‘liq amaliyotga joriy etish, risklarni muntazam kuzatib borish va tavakkalchilikning qabul qilish darajasi (risk appetite) siyosatini ishlab chiqish asosiy vazifalardan biri etib belgilandi.

Bundan tashqari, jahondagi ilg‘or komplayens tizimini joriy etish masalalari muhokama qilindi va Agentlik tomonidan ishlab chiqilayotgan model boshqa mamlakatlar uchun namuna bo‘la olishi xalqaro ekspertlar tomonidan ta’kidlandi.


photo2026-04-0419-26-59.jpg

Sanatsiya va huquqiy baza

Banklarni sanatsiya qilish mexanizmlari va tegishli huquqiy normalar ham alohida e’tibor markazida bo‘ldi.

Muhokamalar davomida sanatsiya jamg‘armasini tashkil etish hamda uni tartibga soluvchi hujjatlarni ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.


img20260326095601-4.jpg

Axborot tizimlari (MIS) va ma’lumotlar infratuzilmasi

Zamonaviy omonatlarni kafolatlash tizimi samarali ishlashi uchun ishonchli ma’lumotlar infratuzilmasi hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Uchrashuvlarda Agentlik faoliyati uchun yagona boshqaruv axborot tizimi Management Information System (MIS)ni yaratish, Markaziy bank bilan ma’lumot almashish mexanizmlarini takomillashtirish va ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, tizimning uzluksiz ishlashini ta’minlash maqsadida zaxira (backup) va muqobil (Plan B) yechimlarini joriy etish zarurligi ta’kidlandi.

photo2026-04-0419-26-58.jpg

Jamoatchilikni xabardor qilish va kommunikatsiya

Jamoatchilik bilan ishlash masalasi omonatlarni kafolatlash tizimining ajralmas qismi sifatida ko‘rib chiqildi.

Bunda uzoq muddatli jamoatchilikni xabardor qilish strategiyasini ishlab chiqish, yillik reja asosida ishlarni tashkil qilish (action plan), kontentlarni standartlashtirish va jamoatchilik bilan samarali kommunikatsiya kanallari orqali muloqotni yo‘lga qo‘yish muhim vazifa sifatida belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan hamkorlikda jamoatchilikning moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish, jumladan, omonatlarni kafolatlash tizimi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aholiga yetkazishda tijorat banklari bilan ham birgalikda ishlarni tashkil qilishga yo’nalishlari muhokama qilindi.

Belgilangan chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Omonatlarni kafolatlash agentligi faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, moliyaviy tizim barqarorligini mustahkamlash va omonatchilar manfaatlarini yanada ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.