Omonatlarni kafolatlash agentligida KDIC ishtirokida MIS loyihasining navbatdagi bosqichi muhokama qilindi

Joriy yilning 24-mart – 3-aprel kunlari Omonatlarni kafolatlash agentligida Koreya depozitlarni kafolatlash korporatsiyasi (KDIC), Koreya axborot texnologiyalari konsalting kompaniyasi (KITC) hamda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) vakillari ishtirokida boshqaruv-axborot tizimi (MIS)ni rivojlantirishga bagʻishlangan navbatdagi amaliy uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Mazkur tashrif ushbu loyiha doirasida koreyalik hamkorlarning uchinchi amaliy tashrifi sifatida muhim ahamiyat kasb etdi.

Tashrif davomida loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar va kelgusi bosqichlar yuzasidan maxsus trening va taqdimotlar o‘tkazildi. Muhokamalar jarayonida zamonaviy texnologik yechimlar bilan bir qatorda, ularni amaliyotga bosqichma-bosqich joriy etish boʻyicha aniq yondashuvlar koʻrib chiqildi. Yakuniy taqdimotlarda O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda Axborotlashtirish bosh markazi vakillari ham ishtirok etdi.

Tadbirning yakuniy kuni Omonatlarni kafolatlash agentligi Bosh direktori Ulugʻbek Hamdamovning kirish so‘zi bilan boshlandi. U o‘z nutqida mazkur loyihaning Agentlik faoliyatini raqamli transformatsiya qilish, boshqaruv jarayonlarini takomillashtirish hamda kafolatlangan omonatlar bo‘yicha kompensatsiya to’lovlarini yanada tezkor va samarali tashkil etish nuqtayi nazaridan strategik ahamiyatga ega ekanini ta‘kidladi. Shuningdek, 2025-yil noyabr oyidan buyon KDIC va KITC bilan hamkorlikda MISni yaratish bo‘yicha kompleks amaliy ishlar izchil olib borilayotgani qayd etildi.


Shu bilan birga, joriy yil yanvar oyida hamkorlar tomonidan kompensatsiya toʻlovlarini tashkil etish masalalari boʻyicha Koreya tajribasi asosida oʻtkazilgan maxsus trening va taqdimot materiallari “YANGI BANK” AJ faoliyati tugatilishi sharoitida omonatchilarga kompensatsiya toʻlovlarini samarali tashkil etishda muhim amaliy ahamiyat kasb etgani alohida taʼkidlandi.


Mazkur tashabbus shunchaki texnik yangilanish emas, balki Agentlikning institutsional salohiyatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim strategik loyihadir. Loyihaning asosiy maqsadi Agentlik faoliyatining barcha asosiy yo‘nalishlarini qamrab olgan zamonaviy, integratsiyalashgan va barqaror boshqaruv-axborot tizimi arxitekturasini shakllantirishdan iborat. Bu esa, avvalo, omonatchilarga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish, jarayonlarning shaffofligi va ishonchliligini kuchaytirishga xizmat qiladi.


Uchrashuvlar davomida kompensatsiya jarayonlarini toʻliq raqamlashtirish, omonatchilar boʻyicha yagona maʼlumotlar bazasini shakllantirish, tashkilotlararo maʼlumot almashinuvini avtomatlashtirish, yagona operatsion platformani joriy etish, shuningdek axborot xavfsizligini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Loyiha doirasida standart operatsion tartiblarni ishlab chiqish, stress-testlar o‘tkazish va zamonaviy kiberxavfsizlik yechimlarini joriy etish ham nazarda tutilgan.


Uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha hozirgi faoliyat tahlili natijalari taqdim etildi, tizimni takomillashtirish bo‘yicha 12 ta ustuvor vazifa belgilab olindi hamda loyihani 2029-yilgacha amalga oshirish bo‘yicha “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi. Boshqaruv-axborot tizimini rivojlantirish bo‘yicha bosh reja yuzasidan yakuniy uchrashuvlar joriy yilning may oyiga rejalashtirilgan.


Mazkur loyiha KOICA tomonidan ajratilgan grant mablag‘lari doirasida amalga oshirilmoqda va xalqaro hamkorlikning amaliy natijasi sifatida baholanmoqda. Ushbu hamkorlik Agentlik faoliyatiga ilg‘or xalqaro tajriba va zamonaviy yechimlarni joriy etish, shuningdek omonatchilar manfaatlarini ishonchli himoya qilish mexanizmlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.