O‘zbekiston Respublikasi Omonatlarni kafolatlash agentligi delegatsiyasining Lissabonda bo‘lib o‘tgan Omonatlarni sug‘urtalovchilar xalqaro tashkiloti (IADI)ning 24-yillik umumiy yig‘ilishidagi ishtiroki

O‘zbekiston Respublikasi Omonatlarni kafolatlash agentligi Bosh direktori rahbarligidagi delegatsiya joriy yilning 24–28-noyabr kunlari Portugaliyaning Lissabon shahrida bo‘lib o‘tgan Omonatlarni sug‘urtalovchilar xalqaro tashkiloti (IADI)ning 24-yillik umumiy yig‘ilishi va unga hamroh xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.

Tadbirda 100 dan ortiq mamlakatlarning omonatlarni himoyalash tashkilotlari, markaziy banklari va moliyaviy barqarorlikni ta’minlovchi institutlardan mutasaddi va yuqori darajadagi rahbarlar ishtirok etdi.

Yig‘ilish doirasida IADIning Prezidenti yangi muddatga saylandi, Ijroiya qo‘mitasi (EXCO) tarkibi yangilandi, 2025-yil faoliyati yakunlari va 2026-yil uchun ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi.

Shuningdek, omonatlarni kafolatlash tizimlari uchun xalqaro mezon hisoblangan “Asosiy tamoyillar”ning 2025-yilgi yangilangan talqini taqdim etildi.

AQSH, Daniya, Braziliya va Yevropa mamlakatlari tomonidan bankrotlik jarayonlarini boshqarish, omonatchilarni himoya qilish, raqamlashtirish va xatarlarni boshqarish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribalar o‘rtoqlashildi.


Tashrif doirasida Agentlik delegatsiyasi Armaniston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Turkiya, Hindiston va Ukraina omonatlarni kafolatlash tashkilotlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazib, 2026-yilda amalga oshiriladigan o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlari kelishib olindi.

Tadbirning amaliy natijalaridan biri sifatida, Agentlik xodimlarini IADI va uning “O‘qitish va texnik yordam ko‘rsatish qo‘mitasi” (TTAC) o‘quv platformalari, jumladan “FSI Connect” onlayn o‘quv platformasidan foydalanishini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ushbu tashabbus Agentlik mutaxassislariga xalqaro standartlar, amaliyotlar va ilg‘or bilimlar bilan doimiy ravishda tanishib borish, shu orqali malaka oshirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Umuman olganda, IADIning 24-yillik umumiy yig‘ilishida ishtirok etish Agentlikka xalqaro tajriba bilan yaqindan tanishish, jahon miqyosidagi rivojlanish yo‘nalishlarini o‘rganish hamda milliy omonatlarni kafolatlash tizimini takomillashtirish uchun yangi tashabbus va vazifalarni belgilash imkonini yaratadi.

Agentlik xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or tajribalarni amaliyotga joriy etish va kafolat tizimini yanada mustahkamlash borasidagi ishlarini izchil va maqsadli tarzda davom ettirmoqda.