Omonatlarni kafolatlash agentligida Xalqaro valyuta jamg‘armasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Joriy yilining 18-avgust kuni Omonatlarni kafolatlash agentligida Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) Fiskal departamenti vakillaridan iborat delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Omonatlarni kafolatlash agentligi bosh direktori Ulug‘bek Hamdamov, XVJ missiyasi rahbari, Fiskal ishlar departamenti katta iqtisodchisi Amanda Sayegh, davlat moliyasini boshqarish va fiskal xatarlar bo‘yicha mintaqaviy maslahatchi Yannick Vel, davlat moliyasini boshqarish bo‘yicha ekspert Magdalena Tomczynska-Smith, shuningdek, Agentlikning tarkibiy bo‘linmalari vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida Agentlik rahbariyati XVJ delegatsiyasini tashkilot faoliyati va omonatlarni kafolatlash tizimining asosiy ko‘rsatkichlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilingandan so‘ng amalga oshirilgan asosiy o‘zgarishlar bilan tanishtirdi.
Xususan, tomonlar omonatlarni kafolatlash tizimi qamrovining kengayishi hamda avvalgi va amaldagi tizimlar o‘rtasidagi asosiy farqlarni ko‘rib chiqdilar. Yangi tizimda nafaqat jismoniy shaxslar, balki tadbirkorlik subyektlarining omonatlari ham kafolatlanishi, kompensatsiya to‘lashning aniq mexanizmlari belgilangani hamda omonatchilarga kompensatsiya mablag‘laridan foydalanish imkoniyatini ta’minlash muddatlari bosqichma-bosqich qisqartirilishi qayd etildi.
Uchrashuvda Omonatlarni kafolatlash jamg‘armasining moliyaviy barqarorligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Kafolat majburiyatlari hajmi va ularning Jamg‘arma mablag‘lari bilan qoplanish darajasi, Agentlik aktivlarining tarkibi, Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari hamda zarur likvidlik darajasini ta’minlash mexanizmlari muhokama qilindi.
Tomonlar Jamg‘arma mablag‘larini investitsiya qilish va boshqarish siyosatiga ham batafsil to‘xtalib o‘tdilar. Mablag‘larni yuqori likvidli va past xatarli moliyaviy vositalarga joylashtirish yondashuvlari, shuningdek, investitsiya portfelining bozor, foiz stavkasi, likvidlik va konsentratsiya xatarlarini baholash masalalari ko‘rib chiqildi.

Muhokamalarning yana bir muhim yo‘nalishi kafolat majburiyatlari bo‘yicha xatarlarni baholash va boshqarish tizimi bo‘ldi. Agentlik vakillari omonatlarni kafolatlash tizimini stress-testdan o‘tkazish, ssenariyli modellashtirish hamda banklarni baholashning riskka asoslangan mexanizmlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdilar.
Bundan tashqari, tomonlar omonatlarni kafolatlash tizimi faoliyatining shaffofligi va axborotlarni oshkor qilish, Agentlikning moliyaviy hisobotlari hamda jamoatchilikni muntazam xabardor qilib borish amaliyoti yuzasidan fikr almashdilar.
XVJ delegatsiyasiga Agentlikning omonatchilarga kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirish bo‘yicha amaliy tajribasi, jumladan, kafolatlash hodisasi yuzaga kelganda qo‘llaniladigan tashkiliy va moliyaviy mexanizmlar haqida ham ma’lumot berildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar omonatlarni kafolatlash tizimini institutsional jihatdan yanada rivojlantirish, uning moliyaviy va operatsion barqarorligini mustahkamlash, xatarlarni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish hamda faoliyat shaffofligini oshirish yo‘nalishlarida hamkorlikni izchil davom ettirish va o‘zaro tajriba almashishni kengaytirishga kelishib oldilar.