Omonatlarni kafolatlash agentligi Yangi Zelandiyaning Depositor Compensation Scheme tashkiloti bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi

Omonatlarni kafolatlash agentligida Yangi Zelandiyaning omonatlarni kafolatlash tizimi Depositor Compensation Scheme (DCS) vakillari bilan videokonferensiya shaklida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

photo2026-08-2011-32-35.jpg

Uchrashuvda DCS vakillari tomonidan tizim faoliyati, kafolatlash hodisasi yuzaga kelgan taqdirda omonatchilarga kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirish, ushbu jarayonni tashkil etish va boshqarish to’g’risida taqdimot o’tkazildi.

Shuningdek, DCS vakillari jamoatchilik bilan ishlash, aholining omonatlarni kafolatlash tizimi va tashkilot faoliyati to‘g‘risidagi xabardorligini oshirish, shu bilan birga, manfaatdor tomonlar bilan hamkorlik qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdilar.

 photo2026-08-2018-16-53.jpg

O‘z navbatida, Agentlik vakillari o‘z faoliyati va ish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Xususan, 2026-yil boshida banklardan birining bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olinishi sababli yuzaga kelgan real kafolatlash hodisasiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

 

Bundan tashqari, Agentlik tomonidan aholi orasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari, aholining xabardorligini oshirish bo‘yicha yondashuvlar, kommunikatsiya strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar hamda omonatchilarni xabardor qilish tizimini rivojlantirishning keyingi yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi.

photo2026-08-2018-17-30.jpg

Uchrashuv yakunida tomonlar muloqot o‘zaro tajriba va ma’lumot almashish nuqtai nazaridan foydali bo‘lganini, manfaatli yo‘nalishlarda hamkorlikni davom ettirish va rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

 

Depositor Compensation Scheme (DCS) — Yangi Zelandiya Markaziy banki tomonidan boshqariladigan omonatlarni kafolatlash tizimi.