Omonatlarni kafolatlash agentligi delegatsiyasi Kuala-Lumpurdagi xalqaro tadbirlarda ishtirok etdi

2026-yil 5 – 8-may kunlari Omonatlarni kafolatlash agentligi (OKA) delegatsiyasi Malayziyaning Kuala-Lumpur shahriga tashrif buyurdi. Mazkur tashrif yuqori darajadagi xalqaro hamkorlik bilan bir qatorda, omonatlarni kafolatlash tizimida an’anaviy va islomiy moliya yo‘nalishlarida institutsional rivojlanish bo‘yicha muhim amaliy qadamlarni ham o‘z ichiga oldi.


05-05-2600131.jpg

OKA Bosh direktori Ulug‘bek Hamdamov IADI APRC direktorlar dialogi (CEO Dialogue) doirasida “Rahbarni tunda uxlatmaydigan hayollar?” mavzusida nutq so‘zladi. U o‘z chiqishida moliyaviy xavfsizlik tarmog‘i ishtirokchilari o‘rtasida rasmiy muvofiqlashtirish mexanizmlarining muhimligini ta’kidlab, OKA tajribasi asosida APRC a’zolari o‘rtasida qo‘shma inqiroz simulyatsiya mashqlarini yo‘lga qo‘yish zarurligini qayd etdi. Mazkur fikrlar konferensiyaning asosiy g‘oyasi – umumiy yondashuv va hamkorlik orqali barqaror hamda kelajakka tayyor moliyaviy xavfsizlik tizimini shakllantirish konsepsiyasi bilan uyg‘unlashdi.

05-05-26batch-200621.jpg

IADI APRC 24-yillik yig‘ilishi va xalqaro konferensiyasi

Omonatlarni kafolatlash agentligi IADI Osiyo-Tinch okeani mintaqaviy qo‘mitasining (APRC) 24-yillik yig‘ilishi va xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi. Tadbir Malayziya Omonatlarni sug‘urtalash korporatsiyasi (PIDM) tomonidan tashkil etilib, unda 20 dan ortiq davlatlarning omonatlarni sug‘urtalash hamda banklarni tugatish va qayta tiklash tashkilotlari vakillari qatnashdi.

05-05-26batch-2a00041.jpg

“Parchalangan dunyoda uyg‘unlashuv” mavzusi ostida o‘tgan konferensiyada inqirozlarga tayyorgarlikni kuchaytirish, IADI yangilangan asosiy tamoyillaridan samarali foydalanish, shuningdek, raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalar yordamida murakkab global muhitda omonatchilarni himoya qilish masalalari muhokama qilindi.

Dastur doirasidagi eng qiziqarli tadbirlardan biri Hackathon bo‘ldi. Unda OKA delegatsiyasining barcha a’zolari turli guruhlar tarkibida faol ishtirok etdi. Mashg‘ulot davomida ishtirokchilar omonatlarni kafolatlash tashkiloti nuqtai nazaridan Erta ogohlantirish tizimi (EWS) konsepsiyasini ishlab chiqish ustida ishladilar. Asosiy e’tibor bank tizimidagi xavf signallarini erta aniqlash orqali bank vahimasi (bank run)ning oldini olishga qaratildi. Ushbu hamkorlikdagi amaliy format konferensiyaning eng foydali va interaktiv qismlaridan biri sifatida e’tirof etildi.

05-05-2600161.jpg

05-05-26hackathon00191.jpg

Konferensiya doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlar va networking tadbirlari samarali natijalarga boy bo‘ldi. Delegatsiya “Toronto Centre” katta direktori janob Phang Hong Lim bilan uchrashib, omonatlarni kafolatlash tashkilotlari uchun maxsus malaka oshirish dasturlari yuzasidan muzokaralar olib bordi. Mazkur muloqot OKA jamoasining professional rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlarni ochib beradi.

img7049.jpg

Shuningdek, Indoneziya Omonatlarni sug‘urtalash korporatsiyasi (LPS) vakillari bilan istiqboldagi hamkorlik shakllari, jumladan ikki tashkilot o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolash imkoniyatlari muhokama qilindi. Bundan tashqari, 20 dan ortiq davlatlarning omonatlarni kafolatlash tashkilotlari bilan ikki tomonlama aloqalar o‘rnatilib, OKAning xalqaro hamkorlik tarmog‘i yanada kengaydi.

PIDM bilan ikki tomonlama uchrashuv: Islomiy omonatlarni sug‘urtalash tizimi

8-may kuni Omonatlarni kafolatlash agentligi delegatsiyasi Malayziya omonatlarni sug‘urtalash korporatsiyasi (PIDM) bosh qarorgohida maxsus bilim almashish uchrashuvida ishtirok etdi. Uchrashuvga PIDM Ijrochi vitse-prezidenti Afiza Abdullah xonim va uning jamoasi mezbonlik qildi.

img9221.jpg

Sessiya davomida PIDMning Islomiy omonatlarni sug‘urtalash tizimi (IDIS), shariat boshqaruvi modeli, badallarni boshqarish mexanizmi, bank muvaffaqiyatsizliklarini hal etish va kompensatsiya to‘lovlari tizimi, IT infratuzilmasi hamda islomiy omonatlarni sug‘urtalash tizimini an’anaviy fondlar orqali moliyalashtirish amaliyoti muhokama qilindi.

img9213-4.jpg

PIDM mutaxassislarining tajriba almashishdagi ochiqligi va chuqur bilimlari alohida e’tirof etildi. Muhokamalar shu qadar samarali bo‘ldiki, IT tizimlari arxitekturasi, Integratsiyalashgan kompensatsiya to‘lovlari tizimi (Integrated Reimbursement System) hamda islomiy omonatlarni sug‘urtalash tizimini an’anaviy mablag‘lar orqali moliyalashtirish kabi yo‘nalishlarda alohida videokonferensiyalar tashkil etish orqali ham bilim almashinishga kelishib olindi.

img9232.jpg

Hamkorlikni rivojlantirish hamda kelgusida ikki tomonlama tajriba almashinuviga bag‘ishlangan uchrashuvlarni davom ettirish maqsadida OKA PIDM delegatsiyasini O‘zbekistonga taklif qildi. Rejalarga ko‘ra, tomonlar O‘zbekistonning qadimiy tarixiy shaharlaridan birida uchrashib, rasmiy Anglashuv memorandumini imzolaydi. Bu esa ikki tashkilot o‘rtasida shakllanayotgan mustahkam va mazmunli hamkorlikni yanada kuchaytiradi.

INCEIF universiteti va ISRA Consulting’ga tashrif

Delegatsiya islomiy moliya ta’limi sohasidagi dunyoning yetakchi oliy o‘quv yurti hisoblangan Islom moliyasi ta’limi bo‘yicha xalqaro markaz (INCEIF) universitetiga tashrif buyurdi hamda shariat bo‘yicha yetakchi konsalting tashkiloti ISRA Consulting vakillari bilan uchrashdi.

img9128.jpg

Uchrashuv davomida islomiy moliya yo‘nalishida kadrlar tayyorlash va professional ta’lim sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. O‘zbekistonda yaqinda qabul qilingan qonunchilikdagi o‘zgarishlar islomiy bank xizmatlari uchun huquqiy asos yaratmoqda. Qariyb 38 million aholiga ega mamlakat ushbu yo‘nalishda katta salohiyatga ega ekani qayd etildi. OKA INCEIF va ISRA Consulting’ni sertifikatlash dasturlari, dual bank tizimi bo‘yicha o‘quv dasturlari hamda qo‘shma trening tashabbuslari orqali O‘zbekiston moliya sektorini yangi bosqichga tayyorlashdagi muhim hamkorlar sifatida ko‘radi.

Islomiy moliyaviy xizmatlar kengashi (IFSB) bilan uchrashuv

Tashrifning eng muhim uchrashuvlaridan biri Islomiy moliyaviy xizmatlar kengashi (IFSB) — islomiy moliyaviy xizmatlar sohasi uchun xalqaro standartlarni ishlab chiquvchi tashkilot bilan bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv IFSB Bosh kotibi doktor G‘iyas Shabsig bilan Malayziya Markaziy banki — Bank Negara Malaysia hududida joylashgan IFSB ofisida tashkil etildi.

img9256-3.jpg

img9250-3.jpg

Mazkur yuqori darajadagi uchrashuv O‘zbekistonda shakllanayotgan islomiy moliya ekotizimi ruhida o‘tdi. Muhokama qilingan asosiy masalalar quyidagilar bo‘ldi:

·  islomiy bank tizimini rivojlantirishning dastlabki bosqichidagi omonatlarni kafolatlash tashkilotlari o‘rtasida tajriba almashish va hamkorlik mexanizmlarini yaratish;

·  IFSBning xalqaro standartlari va texnik tavsiyalari O‘zbekistonda islomiy bank tizimini rivojlantirishda qanday qo‘llab-quvvatlovchi rol o‘ynashi mumkinligi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston moliya sektori uchun muhim davrda IFSB bilan hamkorlik qilish islomiy bank tizimini boshidanoq xalqaro standartlar va ilg‘or amaliyotlar asosida rivojlantirishga qaratilgan strategik qadam hisoblanadi.